📖 Oltin kuz
Kuz – yilning eng ajoyib, serjilo va boy fasllaridan biri. Tabiat go‘yo sariq, qizil, zarg‘aldoq va yashil ranglarning barcha jilolarini o‘zida mujassam etgan ulkan rassom palitrasiga aylanadi. Daraxtlar barglarini birin-ketin yerga to‘kayotganda, tabiat poyondoz yozgandek, hamma yoq tillarangga burkanadi. Shu sababli ham xalqimiz bu faslni erkalab «oltin kuz» deb ataydi. Kuz nafaqat o‘zining rang-barangligi, balki to‘kin-sochinligi bilan ham qadrlidir. Dehqonlarning bahor va yoz oylaridagi tinimsiz mehnatlari hosilini yig‘ishtirib oladigan palla – hosil bayrami aynan shu faslga to‘g‘ri keladi. Bog‘ va rog‘larda olma, nok, anor, behi kabi mevalar shig‘il pishadi. Dalalarda esa oppoq paxtalarimiz qiyg‘os ochilib, hosil yig‘im-terimi boshlanadi. Bozorlarimiz kuz ne’matlari bilan to‘lib-toshib, el dasturxoniga fayz va baraka olib kiradi. Kuz faslining o‘ziga xos siri, sokinligi bor. Havo asta-sekin soviy boshlaydi, oftobning harorati yozdagidek kuydirmasa-da, iliq nurlari kishiga huzur bag‘ishlaydi. Yomg‘ir shivalab yog‘ganda keladigan tuproqning o‘ziga xos hidi tabiatning o‘zgacha bir nafasidir. Osmon yuzi gohida kulrang bulutlar bilan qoplanib, qushlar gala-gala bo‘lib issiq o‘lkalarga uchib ketish taraddudini ko‘radilar. Kuz – o‘yga cho‘mdiruvchi, insonni hayot go‘zalligidan bahramand bo‘lishga va yaratuvchanlikka undovchi fasldir.