📖 Orolning dardi
Orol dengizi – bir vaqtlar O‘rta Osiyoning eng yirik va go‘zal suv havzalaridan biri, mintaqa iqlimi va ekologik muvozanatining asosi edi. Uning moviy suvlari, boy nabotot va hayvonot olami asrlar davomida shu zaminda yashayotgan xalqlarning hayoti, tirikchilik manbai bo‘lib kelgan. Dengiz atrofidagi yashil vohalar, boy baliqchilik sanoati va musaffo havo insonlarga quvonch baxsh etgan. Ammo bugungi kunga kelib, Orol o‘zining o‘tmishdagi ulug‘vorligini yo‘qotdi. Insonlarning tabiatga nisbatan noto‘g‘ri munosabati, suv resurslaridan xo‘jasizlarcha foydalanish, daryo suvlarining dengizga yetib bormasligi natijasida Orol dengizi qurib bordi. Uning o‘rnida esa millionlab gektar maydonni egallagan Orolqum sahrosi paydo bo‘ldi. Qurigan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan chang va tuzlar shamol orqali minglab kilometr uzoqliklarga tarqalib, insonlar salomatligi va qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Orol dengizi fojiasi nafaqat bir mamlakatning, balki butun dunyoning global ekologik muammosidir. Bu holat tabiat qonuniyatlariga aralashish qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini har bir inson uchun katta saboq qilib qo‘ydi. Bugungi kunda Orol mintaqasini sog‘lomlashtirish, ekologik holatni barqarorlashtirish va aholi turmush tarzini yaxshilash maqsadida davlatimiz hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Orol tubida yuz minglab gektar saksovulzorlar barpo etilayotgani bu yo‘ldagi muhim qadamdir. Tabiatni asrash har birimizning burchimiz, uni kelajak avlodga bus-butun yetkazish eng oliy maqsadimiz bo‘lmog‘i darkor.