📖 Ona tilim — g‘ururim
Til — millatning ruhi, uning o‘zligi va borligining eng asosiy belgilaridan biridir. Dunyoda qancha xalq bo‘lsa, shuncha til bor. Mening ona tilim — go‘zal va betakror o‘zbek tilidir. U asrlar osha ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan eng bebaho boyligimizdir. Bu tilda qadimiy asarlar yaratilgan, millatimizning dardi, quvonchi, orzu-umidlari kuylangan. Alisher Navoiy o‘zining o‘lmas dostonlarida tilimizning naqadar boy va ifodali ekanligini butun dunyoga ko‘rsatib bergan. Ona tili milliy g‘urur va iftixor manbaidir. O‘z tilini hurmat qilmagan inson o‘z millatini ham, vatanini ham sevmaydi. Har qanday tilning rivojlanishi va yashab qolishi uni so‘zlaydigan odamlarning tilga bo‘lgan hurmati va mas’uliyatiga bog‘liq. Tillarni o‘rganish yaxshi, lekin ona tilini mukammal bilmaslik kechirilmas xatodir. Biz o‘z ona tilimizni har qanday sharoitda sof holda asrashimiz kerak. Bugungi kunda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani uni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar ochib berdi. Biz yoshlar o‘zbek tilida to‘g‘ri, chiroyli va xatosiz gapirishga, uning so‘z boyligidan to‘laqonli foydalanishga intilishimiz lozim. Ko‘cha-kuyda yozuvlardagi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik, muloqot jarayonida o‘rinsiz xorijiy so‘zlarni aralashtirmaslik ona tiliga bo‘lgan e’tiborimizning bir ko‘rinishidir. Til yashasa, millat yashaydi.