📖 O‘zbekiston — mening vatanim
Vatan – insonning kindik qoni to‘kilgan, ko‘z ochib ko‘rgan, yashab unib-o‘sadigan muqaddas zamin. Har bir inson uchun vatan bitta bo‘ladi. Mening vatanim – qadimiy va navqiron O‘zbekiston. Uning tuprog‘i zar, suvi gavhar, havosi esa misli davodir. Tarixi necha ming yillarga borib taqaluvchi bu zamin qanchadan-qancha buyuk allomalarga, jahongirlarga beshik bo‘lgan. Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimizdagi tarihiy obidalar asrlar silsilasidan o‘tib, bugungi kungacha bizga ota-bobolarimizning qanday buyuk ishlar qilganligidan so‘zlab turibdi. O‘zbekiston o‘zining betakror tabiati, purviqor tog‘lari, bepoyon qir-adirlari va shildirab oqayotgan zilol buloqlari bilan kishini doimo maftun etadi. Bobodehqonlarimiz yetishtirgan shirin-shakar mevalar, qovun-tarvuzlarning ta’mi dunyoda yagona. Lekin eng katta boyligimiz – bu xalqimizning oqko‘ngilligi, mehmondo‘stligi va bag‘rikengligidir. Shu aziz Vatanimizda turli millat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashamoqdalar. Vatan tuyg‘usi inson qalbiga ota-ona mehri, ona allasi, ustozlar o‘giti bilan singadi. Vatanni sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash har birimizning farzandlik burchimizdir. Biz, yoshlar, Vatanimiz ishonchini oqlashimiz, yurtimizning yanada ravnaq topishi, dunyo maydonida o‘zining munosib o‘rnini egallashi uchun bilim olishimiz, o‘z ustimizda tinimsiz ishlashimiz kerak. Men Vatanim bilan, uning go‘zalligi va taraqqiyoti bilan doimo faxrlanaman.